Yurak-qon tomir xastaliklari har yili dunyoda millionlab insonlarning hayotiga Zomin bo’lmoqda. Bu turdagi kasalliklarning oldini olish va davolashda manzilli skrining tadbirlari, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarning ahamiyati katta.
Shu bois so’nggi yillarda davlatimiz rahbarining yurtimizda kardiologiya xizmatini yanada rivojlantirish bo’yicha bir qancha qaror va farmonlari qabul qilindi. Ularning ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar natijasida odamlarning og’iri engil, uzog’i yaqin bo’lmoqda.
Mazkur yo’nalishda olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlarning samarasi poytaxtimizdagi universal muassasa — Milliy tibbiyot markazi faoliyatida ham o’z ifodasini topmoqda.
Xususan, yaqinda bu erga Daniya davlatidan zamonaviy ko’chma kardiojarrohlik majmuasi olib kelindi. Nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan ushbu noyob majmuada yurak-qon tomir kasalliklarini erta diagnostika qilish uchun zarur bo’lgan angiografiya uskunasi hamda boshqa ilg’or tibbiy asbob-uskunalarning mavjudligi bilan birga, deyarli barcha turdagi, shu jumladan yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan.
— Majmuaning operasion blokida havo haroratini bir maromda saqlash mumkin bo’lib, bu barcha uskunalarning samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Ko’chma kardiojarrohlik majmuasi 8 soat ishlay oladigan alohida generatorga ham ega, — deydi markaz direktori Maqsud Saidov. — Ushbu unikal texnika yurtimizning olis hududlarida istiqomat qiladigan, ayniqsa, nogironligi bor, kasallik sabab to’shakka mixlanib qolgan og’ir bemorlarni yashash joyining o’zida ko’rikdan o’tkazish va ularda zarur operasiyalarni bajarish imkonini beradi.
Ta’kidlash lozimki, avvallari chekka hududlarda yashovchi aholi bu kabi yuqori texnologik tekshiruvlar va jarrohlik amaliyotlari uchun viloyat markazlariga, poytaxtga, ayrim hollarda esa hatto chet elga borishiga to’g’ri kelardi. Endilikda esa bu majmua orqali ular yashash manzilining o’zida bunday tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Milliy tibbiyot markaziga bunday zamonaviy texnika vositasining olib kelinishi yurtimizda yurak-qon tomir kasalliklarini davolash va oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish, sifatli va yuqori texnologik kardiojarrohlik xizmatlarini tuman, qishloq, hatto chekka-chekka mahallalargacha olib kirishga xizmat qiladi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.