Yurtimiz mustaqilligining 34 yillik ayyomi Dehqonobod tumani aholisi uchun nafaqat ulkan bayram, balki sogʻliq va farovonlik timsoliga aylangan quvonchli voqealar bilan qarshi olinmoqda. Har bir hududda, har bir mahallada xalq uchun chinakam gʻamxoʻrlik namoyon bo‘layotganining guvohi boʻlish — bu beqiyos tuygʻu.

Kechagina Oqrabot va Bozortepa mahallalarida zamonaviy oilaviy shifokorlik punktlari foydalanishga topshirilgan boʻlsa, bugun esa Torqopchugʻay va Chashmamiron mahallalarida ham ana shunday xushxabar yangradi. Endilikda bu mahallalarda yashovchi aholi ham tibbiy xizmatlardan zamonaviy va qulay sharoitlarda foydalana oladi.

Torqopchugʻay mahallasining Oqboshtogʻ qishlogʻida 50 qatnovga moʻljallangan oilaviy shifokorlik punkti bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Chashmamiron mahallasida esa 100 oʻrinli, barcha zamonaviy qulayliklarga ega 3-sonli oilaviy poliklinika o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur poliklinika Chashmamiron bilan bir qatorda Chilgaz, Boshchorbogʻ va Sarchashma mahallalarida yashovchi aholiga ham xizmat ko‘rsatadi.

Tibbiyot muassasalarining ochilish marosimlari bayramona ruhda o‘tdi. Tuman hokimligi, sogʻliqni saqlash bo‘limi mas’ullari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etgan tadbirda Yurtboshimizning aholi salomatligini asrashga qaratilgan sa’y-harakatlari, ayniqsa olis hududlarda tibbiy xizmat sifati va qulayligini oshirish borasidagi e’tibori alohida ta’kidlandi.

Mahalla ahli bu yangilikni katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Odamlarning quvonchi, ko‘zlaridagi minnatdorlik, samimiy duolar — bularning barchasi elparvarlik siyosatining hayotdagi yorqin aksidir.

Ma’lumot o‘rnida: so‘nggi ikki yil ichida Dehqonobod tumanidagi 21 ta tibbiyot maskanining 13 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shundan 11 tasiga mutlaqo yangi binolar qurib berilgan bo‘lsa, qolgan 2 tasi kapital ta’mirlanib, to‘liq jihozlangan holatda aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Bunday ezgu ishlar aholining salomatligi yo‘lida qilinayotgan yuksak e’tibor va amaliy g‘amxoʻrlikdir. Albatta, inson qadri ulugʻlangan yurtda farovonlik, baraka va baxt doimiy hamroh boʻlishiga ishonch mustahkam.